Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari O‘zbekiston tarixida ilk bor inson genomi to‘liq o‘qildi va tahlil qilindi. Tadqiqot natijasida jahon faniga ilgari noma’lum bo‘lgan o‘nlab yangi genetik o‘zgarishlar aniqlanib, ularning ma’lumotlari xalqaro bazalarga kiritildi. Bu yutuq O‘zbekistonning global genomika sohasidagi o‘rnini mustahkamladi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, har ikkinchi bolada merosiy mutatsiyalar aniqlangan, bolalarning 86 foizi esa kamida bitta shikastlangan genning tashuvchisi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich xalqaro me’yordan qariyb ikki barobar yuqori. Olimlarning fikricha, bunga ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning ko‘pligi sabab bo‘lishi mumkin — ayrim joylarda bunday nikohlar umumiy nikohlarning chorak qismini tashkil etadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday nikohlar irsiy kasalliklarning tarqalish xavfini oshiradi va kelajak avlodlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Genetik mutatsiyalar nafaqat kam uchraydigan tug‘ma kasalliklar, balki diabet, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar kabi keng tarqalgan xastaliklar xavfini ham kuchaytiradi.
«Biz ilk bor xalqimiz genlarining haqiqiy manzarasini ko‘rdik. Agar bolalarning aksariyati yashirin merosiy mutatsiyalarga ega bo‘lsa, profilaktika va genetik maslahat tizimisiz bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi», — dedi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori, professor Shahlo Turdikulova, “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi rahbari.
Olimlar nikohdan avval majburiy genetik tekshiruv joriy etish, shuningdek, bolalarda kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash uchun erta skrining dasturlarini yo‘lga qo‘yishni taklif etmoqda.
Loyiha yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning aksariyatida aniq genetik tashxis qo‘yishga erishildi, bu esa shifokorlarga to‘g‘ri davolash strategiyasini tanlash imkonini berdi. Aniqlangan mutatsiyalarning qariyb uchdan biri ilgari jahon ilmida qayd etilmagan bo‘lib, endilikda ular xalqaro genetik bazalarga kiritildi.
“O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi mamlakatning milliy genetik xaritasini yaratish va biobank shakllantirishga qaratilgan. Ushbu ma’lumotlar shaxsiylashtirilgan tibbiyot, yangi dori vositalari va aniq diagnostika tizimlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Ilg‘or texnologiyalar markazi, shuningdek, genetika, biotexnologiya, nanotexnologiya va sun’iy intellekt yo‘nalishlaridagi tadqiqotlari bilan tanilgan. Markaz olimlari ilgari koronavirusning yangi shtammlarini aniqlash hamda ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi ishlab chiqishda ham faol ishtirok etgan.