O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni ish safari bilan Sirdaryo viloyatida bo‘lib, Guliston shahridagi kafeda gaz ballonining portlashi oqibatida jarohatlanganlarni davolayotgan kasalxonaga tashrif uyushtirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Portlash 2 dekabr kuni sodir bo‘lgan: 29 kishi jabrlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan. Jabrlanganlar orasida ikki homilador ayol ham bor. Hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tashrif davomida prezident bemorlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashib, davolanish jarayonini aniqladi va ko‘rsatilgan tibbiy yordam sifatini baholadi. Tibbiy vakilning ma’lumotiga ko‘ra, besh bemor og‘ir, bir kishi esa nihoyatda og‘ir ahvolda. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilganidek, bir jabrlangan sun’iy nafas apparatiga ulangan, besh kishi reanimatsiyada barqaror og‘ir ahvolda yotgan.