O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha doimiy ishlayotgan ishchi guruh dastlabki natijalarni tahlil qilish uchun yig‘ilish o‘tkazayotganini ma’lum qildi. 10 dekabrdan Toshkentda, shuningdek, mamlakatning 15 ta tumanida dorixonalarda retsept asosida beriladigan dori vositalari faqat elektron retsept orqali sotilmoqda. Bu esa ko‘plab fuqarolar uchun odatdagi dorilarni xarid qilishda qiyinchiliklar tug‘dirdi. Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, ishchi guruh fuqarolar va tibbiyot xodimlaridan kelayotgan murojaatlarni o‘rganmoqda, tizimning ilk kunlardagi ishlashini baholamoqda. Xususan, poliklinikalardagi yuklama, dorilarni berish tartibi hamda raqamli xizmatlarning barqaror ishlashi tahlil qilinmoqda. SSV tez orada eng ko‘p berilayotgan savollarga dastlabki javoblarni e’lon qilishini bildirdi.
Faqat retsept bo‘yicha sotilishi mumkin bo‘lgan dorilar reyestrida jami 12 815 nomdagi preparatlar va ularning turli dozalari keltirilgan. Ro‘yxatda, jumladan, tibbiy etil spirti, asiklovir (tabletka va kukun), paratsetamol (sirop hamda infuziya uchun eritma), ibuprofen (suspensiya va tabletka), ambroksol (sirop va eritmalar), suprastin (in’eksiya uchun eritma), analgin, arbidol (suspensiya uchun kukun), ibuklin, nimesil, askorbin kislotasi (eritma), diklofenak (tomchi, shamcha va eritma) kabi dorilar mavjud.
Toshkentdan tashqari yangi tizim Yangiyo‘l, Samarqand, shuningdek, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Kitob, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Ishtixon, Denov, Sirdaryo, Quva va Shovot tumanlarida joriy etildi.