Yashnobod va Olmazor tumanlaridagi maktablarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida maktab oshxonalarida mayonez va ketchup, rangli va gazlangan ichimliklar, chaynash uchun saqichlar, quruq noncha, muzlatilgan yarim tayyor mahsulotlar hamda turli xil shirinliklar kabi taqiqlangan mahsulotlar sotilayotgani aniqlangan. Ushbu mahsulotlar belgilangan tartibda savdodan olib tashlangan.
Sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida qayd etilishicha, maktab oshxonalarida taqiqlangan mahsulotlar savdosini cheklash va nazorat qilish maktab hududida tashkil etilgan komissiyalarning vakolati doirasiga kiradi. Maktab oshxonasiga yetkazilgan har bir mahsulot sifat ko‘rsatkichlariga muvofiqligi bo‘yicha komissiya tomonidan tekshirilishi lozim, taqiqlangan mahsulotlar esa savdodan olib tashlanishi shart.