Kolera – bu kolera vibrionlari sababli yuzaga keladigan, juda xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, odam organizmiga ifloslangan oziq-ovqat yoki suv orqali kiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, vaksina yetishmasligi tufayli dunyoning 15 mamlakatida kolera faol tarqalmoqda. Bir necha yil davomida insoniyat kolera bilan kurashda yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, ushbu o‘limli kasallik 30 mamlakatda qaytdi. Bunga mojarolar, qashshoqlik, iqlim inqirozi va global ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik sabab bo‘lgan. JSST ayniqsa Gaiti, Zambiya, Zimbabve, Sudan va Efiopiyadagi epidemiya chiqishlariga e’tibor qaratmoqda.
Gebreyesus 2022-yil oktabrida kolera vaksinasining yetishmasligi sharoitida xalqaro koordinatsiya guruhi ikki dozalik standart emlash sxemasini to‘xtatib, bitta dozali emlashga o‘tgani haqida eslatib o‘tdi. Shu qattiq choraga qaramay, 2024-yil boshida vaksina zaxiralari tugagan. Shu paytda 15 davlat faol kolera chiqishlarini qayd etgan edi.
JSST rahbari dunyo kolera xavfi tez sur’atlar bilan oshayotganini anglash kerakligini ta’kidladi. U toza suv ta’minoti va atrof-muhitni ifloslantirmaydigan hojatxonalar bilan ta’minlashni, shuningdek, kolera chiqishlarini tez aniqlashga qodir epidemiologik nazorat tizimini yaratishni tavsiya qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda 30 mamlakatda 708,2 mingdan ortiq kolera holati qayd etilgan va 4,3 mingdan ortiq kishi vafot etgan.