Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Leonid Marinich, Belarus Milliy Assambleyasining sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, oila va yoshlar siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi, professor Lyudmila Makarina-Kibak hamda chet elda yashovchi beloruslar masalalari bo‘yicha parlament ishchi guruhi rahbari Valentina Rajanets ishtirok etdi.
Uchrashuv boshida mehmonlarga so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Belarus delegatsiyasi esa mamlakatidagi ona va bola sog‘lig‘ini ta’minlash sohasidagi yutuqlar haqida so‘zladi.
Ma’lumki, Belarusda dunyoda onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari eng pastlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilib, bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatida Belarus boshqaruv tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Buning uchun Belarus Respublikasi “Ona va bola” Respublika ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari jalb qilinadi.
Mehmonlar ushbu sohada qonunchilikni takomillashtirish, jumladan, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, akusherlarni belorus ta’lim standartlari bo‘yicha tayyorlash masalasi muhokama qilindi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, dastlab Qashqadaryo viloyatidagi birlamchi ambulatoriya tizimida ishlayotgan 900 akusher o‘qitiladi. Yakuniy imtihonlar esa xorijiy ekspertlar tomonidan olinadi va muvaffaqiyatli topshirganlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ladi.
Uchrashuv davomida 13–24 noyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Belarus tibbiyot kunlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Ushbu tadbirga Belarusdan yetakchi mutaxassislar va olimlar, jumladan bolalar onkogematologiyasi, kardiologiya, onkologiya va neonatologiya sohasidagi ekspertlar keladi. Ularning ishtirokida hududlarda yuqori texnologiyali operatsiyalar, master-klasslar, konsiliumlar va seminarlar o‘tkaziladi.
Noyabr oxirida Minsk shahrida O‘zbek-Belarus tibbiyot forumi davom ettiriladi. Ushbu tadbirda O‘zbekistonning hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari rahbarlari ishtirok etadi.
Hamkorlikni tuman darajasida rivojlantirish maqsadida forumda tuman tibbiyot birlashmalari mas’ul shaxslari hamda tibbiyot texnikumlari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etadi.
Shuningdek, shifokorlar o‘z maoshini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligi, va buning yo‘li Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tushuntirilgan.