O‘zbekistonda Ekologik politsiya tashkil etiladi — bu Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi tizimidagi maxsus bo‘linma hisoblanadi. Tegishli prezident farmoni va qarori 19 noyabrda e’lon qilindi.
Ekologik politsiya Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi va hududiy maxsus tabiiy muhofaza prokuraturalari asosida shakllantiriladi. Bo‘linmaga ilgari ekologiya va o‘rmon qonunchiligi nazorati bilan shug‘ullangan 40 nafar prokuratura xodimi ham qo‘shiladi.
Yangi bo‘linma atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha vazifalarni bajaradi. Milliy ekologiya qo‘mitasi rahbari bir vaqtda Ekologik politsiya boshlig‘i lavozimini ham egallaydi.
Xodimlarga quyidagi huquqlar beriladi:
jismoniy kuch ishlatish,
elektroshok qurilmalaridan foydalanish,
rezinali o‘qlar bilan xizmat qurolidan foydalanish,
to‘r otish qurilmalarini qo‘llash.
Xodimlarning forma kiyimiga ko‘krak kameralarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Kuch ishlatish tartibi qonunchilikdagi o‘zgarishlar amalga oshirilguncha “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun normalari bilan tartibga solinadi.
Ekologik politsiya maxsus texnika va transport vositalari bilan Ekologik qo‘mita budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi. 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan jihozlash dasturi tasdiqlangan.