Toshkentda ekologik talablarni buzgan va havoning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan yana to‘rt qurilish obyekti faoliyati to‘xtatildi. Taxminan 50 mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Navbatdagi reydlar davomida ekologik masalalar bo‘yicha maxsus komissiya ishchi guruhi 97 ta qurilish maydonini tekshirdi. Chang va qum tarqalishini oldini olish qoidalarini buzgan 14 holat aniqlangan, 9 obyektda esa ifloslantiruvchi moddalar chiqindilari me’yoridan oshib ketgan.
52 ta qurilish maydonida hududning 25% ni yashil maydon qilish talabi bajarilmagan. Mas’ul shaxslarga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish uchun 14 ta og‘zaki ko‘rsatma berilgan.
Zararli ta’sirni kamaytirish maqsadida maxsus komissiya amaliy choralar ko‘rdi: 6 obyektda suv purkagichlari, 12 obyektda g‘ildiraklarni yuvish punktlari o‘rnatilgan, ayrim maydonlarda maxsus basseynlar qurilgan.
Avvalroq Toshkentda shunday tekshiruvlardan so‘ng 15 ta qurilish obyekti faoliyati to‘xtatilgan edi.