Toshkent tumanida poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha Prezident farmoni ijrosi doirasida ekologik monitoring davom etmoqda. Prezident ma’muriyati, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya mutaxassislari aholi murojaatlari asosida issiqxona xo‘jaliklarini tekshirdi.
Ishchi guruh Chig‘atay, Kensoy, Kirarik, Kuksaroy va Shamsiobod mahallalaridagi 32 ta issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Tekshiruvlar natijasida 10 ta ko‘mir isitiladigan issiqxonada filtrlash qurilmalari umuman mavjud emasligi aniqlanib, bu havoga zararli chiqindilar chiqishiga sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uchta xo‘jalikda chiqindilarni noqonuniy yoqish holatlari qayd etildi.
Tekshiruv yakunida rasmiy protokollar tuzilib, 10 ta issiqxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Egalariga ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishda filtr o‘rnatish va chiqindilarni utilizatsiya qilish qoidalariga rioya qilish zarurligi eslatildi.
Ekologik monitoring va havoni ifloslanishiga qarshi qo‘shma reydlar mamlakatning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.