Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasisiz va gaz hamda changni tozalash uchun zarur uskunalarsiz faoliyat yuritgan «Sarmazortrans» korxonasining ishlari vaqtincha to‘xtatildi. Bu hududda quyuq qora tutun paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Zavod qonunbuzarliklar bartaraf etilguniga qadar 10 sutkaga yopildi, rahbariyat javobgarlikka tortildi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Ekologiya vazirligi va Bosh prokuratura birgalikda hududdagi 40 dan ortiq korxonani tekshirgan edi. Natijada ulardan 22 tasi vaqtincha to‘xtatildi.
Aniqlangan qonunbuzarliklar orasida:
Sogda Kimyo Zavodi — ekologik ekspertizasiz faoliyat yuritish, kislotali oqavalarni yerga to‘kish va kimyoviy moddalarni ochiq suv havzasida saqlash. Yetkazilgan zarar — 7,4 mlrd so‘m.
Ferrosplav — sanoat chiqindilarini me’yorlarga zid tarzda saqlash.
Zarafshon Industrial Technology — oltingugurt vodorodi, azot oksidi va ammiakning ruxsat etilgan miqdoridan oshib ketishi.
Navoiyazot — ammiak, oltingugurt vodorodi va oltingugurt dioksidi me’yorlaridan ortiqcha chiqishi.
Hokimiyat vakillari viloyatda ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish ishlari davom ettirilishini ta’kidlamoqda.