Toshkentning Olmazor tumanida suvning mikrozarrachalarini uzoq masofalarga sepadigan dispersiya qurilmasi ishga tushirildi. Uni Taxtapul massivida joylashgan 1-son infeksion shifoxona hududida o‘rnatgani haqida shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, uskuna tanlovida chang miqdorini kamaytirish bo‘yicha xalqaro tajribalar — xususan Saudiya Arabistoni, Xitoy va BAA tajribasi hisobga olingan. Modelni izlash va yetkazib beruvchilarni jalb qilish ishlari oktyabr oyida boshlangan, biroq logistika jarayonlari va ishonchli ishlab chiqaruvchini tanlash biroz vaqt talab qilgan.
Dastlab qurilmani 15 kun davomida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan edi, lekin ekologik vaziyat tufayli tajriba ishlari muddati 3–5 kungacha qisqartirildi. Shu davrda mutaxassislar uskuna samaradorligi, suv sarfi va energiya iste’molini baholaydi.
Hozircha bunday qurilma faqat bitta joyda o‘rnatilgan. Yangi joylarni tanlashda texnik sharoitlar, ijtimoiy obyektlar — shifoxonalar, maktablar va bog‘chalar yaqinligi hamda piyodalar oqimi zichligi hisobga olinadi.
Avvalroq Toshkentdagi havoni namlash uchun 50 dan ortiq favvora qayta ishga tushirilgani, 70 dan ortiq sug‘orish texnikasi ishlatilayotgani, shuningdek, qurilish ob’ektlarida suv sepish ishlari davom etayotgani xabar qilingandi. Ba’zi qurilishlar vaqtincha buzilishlar tufayli to‘xtatilgan edi.