Uzgidromet 20 noyabr ertalab Toshkentda havo sifati keskin yomonlashgani haqida ma’lumot berib, poytaxt aholisi va mehmonlariga ko‘chaga chiqayotganda yana niqob taqishni tavsiya qildi.
Avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, PM2.5 zarralari miqdori 202 mkg/m³ darajasiga yetgan — bu milliy me’yorlardan 3,4 baravar yuqori. PM10 ko‘rsatkichi esa 299 mkg/m³ bo‘lib, ruxsat etilgan chegaradan oshmagan.
AQAir xizmati esa havodagi zararli zarralar miqdori JSST tavsiyalaridan 30 baravar yuqori ekanini qayd etmoqda.
Idora tushuntirishicha, bunday vaziyat inversiya tufayli yuzaga keladi: havo haroratining keskin o‘zgarishi sabab zararli zarralar yerga yaqin qatlamda to‘planib, uzoq vaqt tarqalmay qoladi.
Uzgidromet aholiga va poytaxt mehmonlariga ko‘chada bo‘lish vaqtini qisqartirishni va niqob taqishni tavsiya qilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, noqulay vaziyat yana bir necha kun davom etishi mumkin.