Ekologiya
16.09.25
7558

Xalqaro energetika agentligi (XEA): jahon neft-gaz konlarining tugash sur’atlari tezlashmoqda

XEA ma’lumotiga ko‘ra, jahon neft va gaz konlarida qazib olish avvalgidan tezroq kamaymoqda. Investitsiyalarsiz yetkazib berish har yili kuniga 5,5 mln barrelga (743 ming tonna) qisqaradi.

Xalqaro energetika agentligi (XEA) seshanba kuni ma’lum qilishicha, jahon neft va gaz konlarida tabiiy qazib olish sur’atlarining pasayishi tobora tezlashmoqda. Sabab sifatida slanets va chuqur suv loyihalariga ortib borayotgan qaramlik ko‘rsatilmoqda, chunki bunday konlar tezroq samaradorligini yo‘qotadi.

Yangi hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 15 mingga yaqin kon ma’lumotlari asosida an’anaviy neft qazib olish hajmlarining cho‘qqi darajasidan keyingi o‘rtacha yillik pasayishi 5,6%, an’anaviy tabiiy gazda esa 6,8% ni tashkil etmoqda.

«Qazib olishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning atigi kichik qismi o‘sib borayotgan talabni qondirishga sarflanmoqda. Har yili deyarli 90% mablag‘ amaldagi konlardagi yo‘qotishlarni qoplashga ketmoqda», — dedi XEA ijrochi direktori Fatih Birol.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, investitsiyalar to‘xtatilsa, har yili neft yetkazib berish hajmi kuniga 5,5 mln barrelga (743 ming tonna) kamayadi, bu Braziliya va Norvegiya qazib olish ko‘rsatkichlari yig‘indisiga teng. Taqqoslash uchun, 2010 yilda bu ko‘rsatkich kuniga 4 mln barreldan (541 ming tonna) kam edi.

Gaz bo‘yicha ham pasayish tezlashgan: so‘nggi yillarda yillik kamayish 180 mlrd kub metrdan 270 mlrd kub metrgacha oshgan.

XEA ogohlantirishicha, qazib olishni qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy investitsiyalarsiz energetika bozorlarida va jahon xavfsizligida jiddiy tahdid yuzaga keladi. 2024 yil holatiga ko‘ra, butun dunyo neftining qariyb 80%, tabiiy gazning esa 90% allaqachon o‘zining cho‘qqi samaradorlik davridan o‘tib bo‘lgan konlardan olinmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling