Ekologiya
17.11.25
7414

Toshkentda havo sifati yana yomonlashdi — bu holat bir necha kun davom etishi mumkin

Toshkentda PM2.5 darajasi me’yoridan 3,4 baravar oshdi. Inversiya tufayli havo sifati bir necha kun davomida yomon bo‘lib qolishi mumkin. Aholiga ehtiyot choralariga amal qilish tavsiya etilmoqda.

Toshkentda yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida havo sifati keskin yomonlashdi. «Uzgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, soat 20:00 ga kelib PM2.5 zarrachalari miqdori milliy sutkalik me’yoridan 3,4 baravar oshdi, PM10 konsentratsiyasi esa ruxsat etilgan ko‘rsatkichdan 20% yuqori bo‘ldi. Ko‘plab aholi kuchli tutun va kuykun hididan shikoyat qildi.

Mutaxassislar bunga keskin harorat o‘zgarishi sabab bo‘lganini aytmoqda. Bunday sharoit inversiya jarayonini keltirib chiqarib, havodagi mayda zarrachalarning past qatlamlarda to‘planishiga olib kelgan.

Prognozlarga ko‘ra, bunday ob-havo sharoiti respublika bo‘ylab yana bir necha kun davom etadi. «Uzgidromet» imkon qadar ko‘chada bo‘lish vaqtini qisqartirishni va ochiq havoga chiqishda niqob taqishni tavsiya qilmoqda.

Shu kabi havo sifatining yomonlashuvi mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatildi. Qator viloyatlar aholisi ham kuykun hididan shikoyat qilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling