Madaniyat
09.01.24
10196

O‘zbekiston 17-Tehron xalqaro turizm va unga oid sohalar ko‘rgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston elchixonasida xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etishga ixtisoslashgan Eronning **“Avaye Movafagh Iranian”** kompaniyasi bosh direktori Fardod Magnati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning 2024-yil 12–15 fevral kunlari Tehron xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkaziladigan **17-Tehron xalqaro turizm va unga oid sohalar ko‘rgazmasi (TITE 2024)**dagi ishtiroki masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya rahbari Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda ushbu ko‘rgazmada o‘zbekistonlik delegatsiyaning qatnashishi Eron sayyohlarining O‘zbekistonga tashrifini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

TITE 2024 Eron turizmini rivojlantirishga qaratilgan eng yirik tadbir hisoblanadi. Ko‘rgazma ishtirokchilari B2B uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, Eronning yetakchi turizm sohasi vakillari bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Mazkur ko‘rgazmada 500 dan ortiq eronlik turizm kompaniyalari qatnashishi, 53 xil yo‘nalish bo‘yicha sohaviy uchrashuvlar va B2B tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etadigan ko‘rgazmada 15 mingdan ortiq xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling