Turistik markaz “Silk Road Samarkand” va Rocket DMC Uzbekistan 6–8 noyabr kunlari Londonda bo‘lib o‘tayotgan World Travel Market ko‘rgazmasida O‘zbekistonni taqdim etmoqda.

O‘zbekiston stendi ko‘rgazma mehmonlari va ishtirokchilariga mamlakatning jadal rivojlanayotgan turizm sektori imkoniyatlari haqida ma’lumot bermoqda. Ishning ilk kunida stendni 500 dan ortiq kishi ziyorat qildi.
Ayniqsa, dunyoning yetakchi turistik agentliklari, shuningdek, jurnalistlar va blogerlar katta qiziqish bildirishdi. Ular ko‘plab materiallar tayyorlash maqsadida “Silk Road Samarkand” majmuasini ziyorat qilish istagini bildirishdi.

World Travel Market (WTM) — bu sayohat va turizm sohasidagi eng nufuzli tadbir hisoblanadi. Ko‘rgazma xalqaro sayohatchilar hamjamiyatini birlashtiradi; WTM turizm sohasi mutaxassislari uchun o‘rganish, izlanish va taqqoslash imkoniyatlarini taqdim etadi hamda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ishtirokchilarga o‘z turizm salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish uchun platforma yaratadi.