Biznes
28.10.25
7375

Yaponiya Samarqand yaqinidagi energetika loyihalariga 1,5 milliard dollar investitsiya kiritadi

Yaponiya banki JBIC va uning hamkorlari Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlari qurilishiga 1,45 milliard dollar investitsiya kiritadi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini birlashtiruvchi ikkita yirik energetika majmuasini moliyalashtiradi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 1,45 milliard dollarni tashkil etadi.

Nikkei xabariga ko‘ra, qurilayotgan obyektlarning umumiy quvvati 1000 megavattga teng bo‘ladi. Bu ularni O‘zbekistondagi eng yirik qayta tiklanuvchi energiya loyihalaridan biriga aylantiradi.

Moliyalashtirish JBIC boshchiligidagi konsorsium tomonidan ta’minlanadi. Bank 635 million dollar ajratadi, loyihada shuningdek yaponiyalik xususiy banklar — Sumitomo Mitsui Banking Corp. va Norinchukin Bank ham ishtirok etadi.

Asosiy operator sifatida ACWA Power (Saudiya Arabistoni) qatnashmoqda — kompaniya loyihaning 51 foiz ulushiga ega. Shuningdek, yapon energetika kompaniyalari Sumitomo Corp., Chubu Electric Power va Shikoku Electric Power ham hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Xatarlarni sug‘urtalashni yapon eksport va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi Nippon Export and Investment Insurance (NEXI) ta’minlaydi.

Avvalroq xabar berilganidek, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari 8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu mamlakatning umumiy ishlab chiqarish hajmining 22 foizini tashkil etadi va to‘qqiz oy davomida 7 milliondan ortiq xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling