Biznes
09.12.25
7340

Humans bankrot deb topildi: sud Octobank da’vosi asosida tugatish jarayonini boshladi

Toshkent iqtisodiy sudi Humansni bankrot deb topdi va Octobank oldidagi 429 mlrd so‘mlik qarz sabab tugatish jarayonini boshladi. Kompaniyaning qarzlari, mavjud mulki va top-menedjer hibsga olingani haqida batafsil.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans kompaniyasini bankrot deb topdi va kreditor — Octobank arizasini qanoatlantirdi. 14 oktabr kuni sudya B. Sultonov raisligida qabul qilingan qaror kompaniyani tugatish jarayonini boshlaydi, ammo uning amaldagi faoliyati to‘xtatilmaydi.

Sud tasdiqlagan Humansning Octobank oldidagi jami qarzi qariyb 430 mlrd so‘mni (taxminan $35,8 mln) tashkil etadi.

Mojaro tarixi va to‘lovga qodirlik muammosi

2020 yildan hamkorlik qilib kelgan tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik iyun oyida keskinlashdi. O‘shanda Octobank Humans to‘lov xizmatini o‘z tizimidan uzib, Visa kobranding kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Bank Humansni kliring bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida qaytarishni bir necha bor kechiktirganlikda ayblagan. Humans esa buning aksini da’vo qilib, Octobankni «shartnoma majburiyatlarini muntazam bajarmaslikda» va karta egalari murojaatlarini e’tiborsiz qoldirishda ayblab, bankka qarshi da’vo arizasi kiritgan.

13 iyun kuni sud Humansdan foyda, penya va asosiy qarzni undirish to‘g‘risida qaror chiqargan — umumiy summa deyarli 430 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Ushbu qaror 2025 yil 14 iyulda kuchga kirganidan so‘ng berilgan ijro varaqasi ijro etilmagani, qarzdor esa uch oydan ortiq vaqt mobaynida majburiyatlarini bajarmagani bois sud kompaniya doimiy to‘lovga qodir emasligini qayd etdi.

Mulk va kreditorlar pozitsiyasi

Ish doirasida kompaniya mulki tekshirilib, quyidagilar aniqlandi:

  • Transport: D-MAX IRBIS (2020) va Malibu-2 (2019)

  • Ko‘chmas mulk: Toshkentning Yashnobod tumanida noturar joy

  • Qimmatli qog‘ozlar: kompaniya nomiga rasmiylashtirilmagan

Sud 12 avgust kuni o‘tkazilgan kreditorlarning ilk yig‘ilishi qarorlarini inobatga oldi. Unda Humansni bankrot deb topish va tugatish jarayonini boshlash bo‘yicha ovoz berilgan. Litsvidatsiya jarayoniga Abrorjon Madrahimov mas’ul etib tayinlandi.

Qo‘shimcha talablar va jinoyat ishi

Humans bilan bog‘liq moliyaviy muammolar bundan kengroq bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyaning boshqa yirik subyektlar oldida ham qarzlari borligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan — Yandex (taxminan $13,3 mln) va Asia Alliance Bank (65 mlrd so‘mdan ortiq).

Bundan tashqari, oktabr oyida Humansga tegishli UPay to‘lov xizmatining sobiq bosh direktori Behzod Botirov noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkillashtirishda ayblanib qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. Uning qamog‘i 2026 yil fevraligacha uzaytirildi. 2024 yilning sentyabrida esa Markaziy bank UPay faoliyatini vaqtincha cheklagandi — buning sababi fuqarolar mablag‘larini bukmeker kompaniyalarga noqonuniy o‘tkazish bilan bog‘langan.

Shu jarayonlar fonida, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Humans Mobile may oyida O‘zbekiston hukumatiga qarshi arbitraj jarayonini boshlaganini e’lon qilgan — ular davlat organlarini o‘z huquqlarini buzishda ayblamoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling