Biznes
16.09.25
7272

Uzum O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining rasmiy hamkori bo‘ldi

Uzum O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining rasmiy hamkoriga aylandi. Hamkorlik infratuzilmani rivojlantirish, terma jamoalarni qo‘llab-quvvatlash hamda bolalar va ayollar futbolini targ‘ib qilishga qaratilgan.

Milliy raqamli ekotizim Uzum va O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) mamlakatda futbolni rivojlantirish va milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikni e’lon qildi.

Hamkorlik sport infratuzilmasini mustahkamlash, yoshlar uchun dasturlarni kengaytirish va terma jamoaning Jahon chempionatiga tayyorgarligiga yordam berishga xizmat qiladi. Terma jamoaning mashhur futbolchilari hamkorlik tashabbuslarida ishtirok etib, yosh avlodni ilhomlantiradilar.

Bugun O‘FA tarkibida 14 ta hududiy assotsiatsiya faoliyat yuritmoqda, mamlakat bo‘ylab esa 12 mingdan ortiq bola va o‘smir futbol jamoalarida muntazam shug‘ullanmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogidan tortib Olimpiada saralashigacha xalqaro maydonda muntazam ishtirok etadi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ta’kidladi:
«Uzum kompaniyasi bilan hamkorlik mamlakatimizda futbolni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Yaqin yillarda biz milliy terma jamoalar, shuningdek bolalar va ayollar futbolini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshiramiz.»

Uzum ekotizimi asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev esa kompaniya iqtidorli bolalar o‘sishi va yangi chempionlar g‘alabalari uchun sharoit yaratishga intilayotganini qayd etdi:
«Futbol odamlarni birlashtiradi, jamoaviy ishlashga undaydi va o‘z kuchiga ishonch beradi. Biz O‘FA bilan birga O‘zbekiston sportining kelajagiga hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz.»

Uzum Bank Kuzatuv kengashi raisi Rasuljon G‘ulomov qo‘shimcha qildi:
«Futbolni qo‘llab-quvvatlash biz uchun kelajakka investitsiyadir. Infratuzilmani rivojlantirib, futbolchilar va muxlislar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, futbol millionlab o‘zbekistonliklarning kundalik hayotining bir qismiga aylanishini istaymiz.»

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling