O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi davlat dasturi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, yaqin uch yilda mehmonxona va turistik obyektlar qurilishi uchun 5 ming gektar yer maydoni auksionga qo‘yiladi. Tadbirkorlar uchastkalarni sotib olmasdan olishlari mumkin bo‘ladi — davlat yer qiymati miqdorida hamkor sifatida loyihaga kiradi. Ushbu ulushni 10 yil davomida bosqichma-bosqich yoki birdaniga 20% chegirma bilan sotib olish mumkin bo‘ladi.
Mehmonxonalar qurilishi uchun 7 yil muddatga, jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi:
viloyat markazlari va 36 ta turistik hududda — 30 mlrd so‘mgacha;
boshqa hududlarda — 10 mlrd so‘mgacha.
Endilikda subsidiya nafaqat yangi mehmonxonalar, balki mehmonxonaga aylantirilgan binolarni rekonstruksiya qilishga ham beriladi. Shuningdek, Toshkent, viloyat markazlari va yirik turistik zonalardan tashqari joylarda mehmonxona egalaridan olinadigan turistik yig‘im bekor qilinadi.
Oilaviy mehmon uylari uchun turistlar soni limiti kuniga 10 kishidan 20 kishigacha oshiriladi. Har yili mehmonxonalar va mehmon uylari o‘rtasida 1 mln dollar mukofot jamg‘armasi bilan tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblar xizmat sifati va xalqaro platformalardagi turistlar fikrlariga ko‘ra aniqlanadi.
Prezident ta’kidlaganidek, xizmat sifati bevosita infratuzilma darajasiga bog‘liq, shu sababli mamlakatda yangi yirik turistik zonalar barpo etiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil boshidan O‘zbekistonga 7 mln xorijiy turist tashrif buyurgan, ichki sayohatlar soni esa 15 mln fuqaroni tashkil etgan. Yaqin yillarda chet ellik sayyohlar oqimi yiliga 15 mln nafargacha yetishi prognoz qilinmoqda.