UzAuto Motors yaqin vaqt ichida sakkizta yangi avtomobil modelini bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bosh direktori Yanoш Kovach “Sherzodxon Kudrathuja bilan…” loyihasiga bergan intervyusida, asosiy e’tibor SUV segmentiga qaratilishini ta’kidladi.
«O‘n besh yil avval bu yerda ishlaganimda vaziyat butunlay boshqacha edi. Endi bozor ancha diversifikatsiya qilindi. Xitoy va Koreya avtomobillari, yangi brendlar va modellar paydo bo‘lmoqda. Bu raqobat biz uchun qiyinchilik tug‘diradi, lekin xaridorlar uchun foydali», — dedi Kovach.
Uning so‘zlariga ko‘ra, raqobat nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham kuchaymoqda, ayniqsa elektromobillarga talab oshib bormoqda. UzAuto Motors esa yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilari bilan bellashishga tayyor bo‘lishi lozim.
«Raqobat nafaqat mamlakat ichida, balki tashqi bozorlarda — masalan, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa davlatlarda ham ortib bormoqda. Har bir kompaniya xaridor uchun kurashmoqda. Shu sababli biz ham strategiyamizni o‘zgartirishimiz, BYD, Kia, Hyundai, Haval kabi kompaniyalar bilan raqobatlashishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu biz uchun jiddiy sinov», — dedi u.
UzAuto Motors kelgusi yillarda model qatorini kengaytirishni, ayniqsa xaridorlar orasida eng talabgir segment bo‘lib qolayotgan SUV avtomobillariga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.