Toshkentlik fuqaro noma’lum shaxslarga kriptovalyutada 170 ming dollar o‘tkazib yuborgan, biroq ulardan 115 ming dollarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil dekabr oyida firibgarlar unga ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimlari sifatida tanishtirib murojaat qilgan. Ular uni qo‘rqitib, yuqori daromadli investitsiyalar va’da qilishgan. Bosim ostida erkak uyini va mashinasini sotib, qarz olib, barcha mablag‘ni kriptovalyutaga o‘tkazgan.
Jabrlanuvchi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilgan. U yerda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u rasmiy ravishda jabrlanuvchi sifatida tan olingan. Ombudsmanga murojaat qilgach, IIV va Kiberxavfsizlik markazi birgalikda kriptomagazindan 115 ming dollar (1,43 mlrd so‘mdan ortiq) mablag‘ni qaytarishga erishgan.
Ombudsman idorasi qayd etishicha, bunday holatlarda pullarni qaytarish juda kam uchraydi:
«Ombudsmanga firibgarlik bo‘yicha ko‘plab murojaatlar keladi, ammo ularning aksariyatida pullarni qaytarishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun fuqarolar hushyor bo‘lishlari lozim».
Fuqarolarga tavsiyalar:
huquqni muhofaza qilish organlari yoki bank xodimi sifatida tanishtiradigan, shaxsiy raqamlardan qo‘ng‘iroq qiladiganlarga ishonmaslik;
telefon orqali pasport ma’lumotlari, karta raqamlari, PIN-kodlar va SMS-kodlarni aytmaslik;
agar kriptovalyutada to‘lov qilishni talab qilishsa, darhol muloqotni to‘xtatish va huquq-tartibot organlariga murojaat qilish;
davlat organlari faqat rasmiy kanallar orqali ishlashini yodda tutish, shubha tug‘ilganda esa “ishonch telefonlari”ga qo‘ng‘iroq qilish.