O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarni biznes hamkorlari va kontragentlarni tanlashda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Qo‘mita eslatishicha, “shubhali” sub’yektlar bilan hamkorlik soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida baholanishi mumkin.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 7 522 ta norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritayotgan va shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirayotgan sub’yekt aniqlangan. Ularni Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytida tekshirish mumkin — ro‘yxat muntazam yangilanib boradi.
Shuningdek, faqat 2025-yilda 902 ta mablag‘larni naqdlashtirish va soxta operatsiyalar alomatlariga ega sub’yektlar aniqlangan.
Qo‘mita ta’kidlashicha, faqat ishonchli hamkorlar bilan ishlash — biznes obro‘si va soliq shaffofligining asosiy omilidir.
Soliq qo‘mitasining tavsiyalari:
kontragentlarning moliyaviy hisobotini so‘rab, uni tekshirish — ma’lumot bermaslik yoki yolg‘on ko‘rsatkichlar shubha uyg‘otishi kerak;
hamkorning Soliq qo‘mitasi saytida rasmiy ro‘yxatda mavjudligini aniqlash;
kompaniyaning yuridik manzili, ofis va omborlarining haqiqiy mavjudligiga ishonch hosil qilish;
onlayn tahlil o‘tkazish, kompaniya haqidagi sharhlar, reytinglar va internetdagi ma’lumotlarni o‘rganish.
Qo‘mitada qayd etilishicha, agar kontragentda norasmiy faoliyat belgilari aniqlansa, soliq organlari u bilan tuzilgan bitimlarni hisobga olmasligi va kompaniyaning soliq majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
“Bunday sub’yektlar bilan hamkorlik soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida baholanishi mumkin”, — deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi bayonotida.