Biznes
02.10.25
7557

Ilon Mask tarixda boyligi 500 mlrd dollarga yetgan ilk inson bo‘ldi

Ilon Mask boyligi ilk bor 500 mlrd dollardan oshib, jahon rekordini o‘rnatdi. O‘sishning asosiy omillari — Tesla, SpaceX va xAI.

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask tarixiy rekord o‘rnatdi — u boyligi 500 mlrd dollarga yetgan dunyodagi ilk inson bo‘ldi. Bu haqda Forbes Real-Time Billionaires ma’lumotlarida qayd etilgan.

1-oktabr kuni soat 15:30da (AQSh sharqiy vaqti) Maskning boyligi 500 mlrd dollardan oshgani kuzatilgan. Biroq keyinchalik ko‘rsatkich qayta hisoblandi: avval 499,5 mlrd, so‘ng 499,1 mlrd dollarga baholandi.

Boylikning asosiy o‘sishi Tesla aksiyalarining qimmatlashuvi bilan bog‘liq. Savdo natijalariga ko‘ra, kompaniya qimmatli qog‘ozlari qariyb 4 foizga ko‘tarildi va Mask kapitaliga yana 9,3 mlrd dollar qo‘shildi. Apreldan buyon Tesla aksiyalari deyarli ikki baravar oshgan.

Maskning boshqa loyihalari ham boyligiga katta hissa qo‘shmoqda. Masalan, SpaceX kompaniyasi qiymati dekabrdan buyon 50 mlrd dollarga o‘sib, 168 mlrd dollarga yetdi. Uning 42 foizi Maskka tegishli. Shuningdek, 2024-yil mart oyida xAI startapi va X ijtimoiy tarmog‘i birlashtirilib, xAI Holdings tashkil etilgach, kompaniya qiymati 113 mlrd dollarga yetdi. Shundan qariyb 60 mlrd dollari Mask ulushiga to‘g‘ri keladi.

2024-yil dekabrida u allaqachon 400 mlrd dollarlik boylikka ega bo‘lgan birinchi inson bo‘lgandi. Informa Connect Academy prognoziga ko‘ra, agar hozirgi o‘sish sur’ati saqlanib qolsa, Mask 2027-yilgacha tarixdagi ilk dollar trilloneri bo‘lishi mumkin.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling