19 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonda yakunlangan Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida g‘olib chiqdi. U finalda xitoylik grossmeyster Vey Ini mag‘lub etib, tarixiy natija qayd etdi — musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylandi. Avvalgi rekord Levon Aronyanga tegishli bo‘lib, u 23 yoshida g‘olib bo‘lgan edi.
Klassik ikki partiya ham, tezkor nazoratdagi ilk o‘yin ham durang bilan yakunlandi. Hal qiluvchi tay-breyk partiyasida Sindarov qora figuralar bilan o‘ynab raqibini mag‘lub etdi va chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Finalga chiqqan ikki shaxmatchi ham 2026 yilgi Pretendentlar turniriga yo‘llanma oldi. Sindarov bundan tashqari 120 ming dollar mukofot puli ham oladi.
Uchinchi o‘rin uchun bahsda rossiyalik Andrey Yesipenko o‘zbekistonlik Nodirbek Yakubboyevni mag‘lub etib, Pretendentlar turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Javohir Sindarov — yangi avlod o‘zbek shaxmatchilarining yorqin vakillaridan biri. 2022 yilda u O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqqan. Uning finaldagi raqibi, 26 yoshli Vey I esa 2014 yilgi olimpiadada Xitoy terma jamoasi bilan chempion bo‘lgan.
Musobaqa haqida
Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi — FIDE homiyligidagi eng yirik nokaunt-turnir. 2025 yilgi musobaqada 206 shaxmatchi qatnashdi. Mukofot jamg‘armasi — 2 million dollar, shuningdek, uchta yo‘llanma 2026 yilgi Pretendentlar turniriga tikilgan.
Musobaqada avval ikki klassik partiya o‘tkaziladi. Hisob teng bo‘lsa, 15+10, 10+10, 5+3 va 3+2 nazoratlarida tay-breyklar belgilanadi. Natija baribir aniqlanmasa, armageddon o‘yini o‘ynaladi.
G‘olib 120 ming dollar, finalchi 85 ming, uchinchi o‘rin sohibi 60 ming dollar oladi. Birinchi bosqichda mag‘lub bo‘lgan ishtirokchi uchun eng kam to‘lov — 3 500 dollar.
Amaldagi chempion Magnus Karlsen bu mavsumda ishtirok etmadi.