O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yilda futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Qaror 2-oktabr kuni FIFA yig‘ilishida qabul qilindi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi ta’kidlaganidek, U-20 jahon chempionati kattalar mundialidan keyingi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi va unda dunyoning eng kuchli yosh terma jamoalari ishtirok etadi.
Futbol eksperti Alisher Nikimbaevning so‘zlariga ko‘ra, bu FIFA erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati ilk bor turli konfederatsiyalarga mansub ikki davlatda o‘tkazilishi bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tashkilotchilar eslatishicha, O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish tajribasiga ega. Jumladan, 2024-yilda o‘tkazilgan futzal bo‘yicha jahon chempionati xalqaro futbol jamoatchiligi tomonidan yuqori baho olgan edi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi mamlakat “o‘z mehmondo‘stligi, professionalligi va muxlislarning futboldagi mehrini butun dunyoga namoyish etishga tayyor”ligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston 2031-yilgi Osiyo Kubogiga mezbonlik qilish uchun ariza topshirgan edi. Ularning raqiblari qatorida Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Janubiy Koreya, Quvayt va BAA bor.