Sport
12.11.25
7633

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Panamani yirik hisobda mag‘lub etib, jahon chempionati pley-off bosqichiga yo‘l oldi

O‘zbekiston U-17 yoshlar terma jamoasi Qatarda o‘tayotgan jahon chempionatida Panamani 6:1 hisobida mag‘lub etib, 1/16 final bosqichiga yo‘l oldi.

O‘zbekiston U-17 yoshlar terma jamoasi futbol bo‘yicha Qatarda o‘tayotgan jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turida Panamani 6:1 hisobida mag‘lub etib, 1/16 final bosqichiga yo‘l oldi. Bu g‘alaba jamoaga J guruhida ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi.

Birinchi bo‘lim teng kurashda o‘tdi. 21-daqiqada Panama hisobni ochish imkoniga ega bo‘ldi, biroq darvozabon Ibrohim Shokirov Esteves Lopesning penalti zarbasini qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonlik futbolchilar tashabbusni o‘z qo‘liga olib, ketma-ket samarali hujumlar uyushtirdi. Gollarni Abubakir Shukurullaev (48’), Sadriddin G‘asanov (52’), Sayfiddin Sodiqov (67’), Jamshidbek Rustamov, Asilbek Aliev va Abdusamad Saidov kiritdi.

Panama faqat bitta javob golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Shu guruhning boshqa o‘yinida Irlandiya va Paragvay 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Natijada Irlandiya 7 ochko, O‘zbekiston 6 ochko to‘plab pley-offga chiqdi, Paragvay 4 ochko, Panama esa ochkosiz yakunladi.

O‘zbekistonning 1/16 finaldagi raqibi guruh bosqichidagi barcha o‘yinlar tugagach ma’lum bo‘ladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling