Sport
26.11.25
7904

O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2026 qur’asida uchinchi savatga joylashtirildi

FIFA JCh–2026 qur’asi uchun terma jamoalarning savatlarga ajratilgani haqida e’lon qildi. O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi savatga tushdi va mumkin bo‘lgan raqiblari doirasi ma’lum bo‘ldi.

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026 yilgi jahon chempionati qur’asi uchun terma jamoalarning savatlarga bo‘lingan ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi savatga tushdi. Bu esa guruh bosqichidagi ehtimoliy raqiblar doirasini belgilab beradi.

Jamoalar to‘rt savatga ajratilgan.

Birinchi savatga turnir mezbonlari — Kanada, Meksika va AQSh, shuningdek, dunyoning yetakchi terma jamoalari: Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya va Germaniya kiritilgan.

Ikkinchi savatda Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveysariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya va Avstraliya joy olgan.

Uchinchi savatda esa O‘zbekiston bilan birga Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, Qatar, Saudiya Arabistoni va Janubiy Afrika Respublikasi bor.

To‘rtinchi savatga Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Gaiti, Yangi Zelandiya, shuningdek Yevropa va qit’alararo pley-off g‘oliblari kiritilgan.

Qur’a har bir savatdan bittadan jamoa tanlash orqali tuziladi va yakunda 12 ta guruh shakllanadi — har birida to‘rttadan terma jamoa bo‘ladi. Yevropadan tashqari bir konfederatsiyaga mansub jamoalar bir guruhga tushmaydi. Guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan terma jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rin olganlardan eng yaxshi sakkiztasi pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

Qur’a 5 dekabr kuni Vashingtondagi The Kennedy Center majmuasida o‘tkaziladi. O‘zbekistondan unda Futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, bosh murabbiy Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi va o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ishtirok etadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling