Sport
27.11.25
7639

Prezident Mirziyoyev Javohir Sindarovni Jahon kubogidagi tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindarovni Jahon kubogidagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Grossmeyster musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev grossmeyster Javohir Sindarovni Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogidagi tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi. Davlat rahbari 19 yoshli shaxmatchiga qo‘ng‘iroq qilib, uning muvaffaqiyati butun xalq uchun faxr manbaiga aylanganini ta’kidladi.

«Seni bu g‘alaba bilan tabriklayman. Yangi O‘zbekiston nimalarga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatganingdan faxrlanaman. Yo‘llaring doimo yorug‘ bo‘lsin. Bugun ota-onang, buving va bobong qanday quvonayotgan bo‘lsa, men ham shunday quvonayapman», — dedi prezident.

Sindarov esa ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi: «Rahmat. Xudo xohlasa, bu — o‘zbek shaxmatchilarining yangi yuksalish yo‘lining boshlanishi. Bir kun kelib, jahon tojini O‘zbekistonga olib kelamiz degan umiddaman».

Mirziyoyev yosh grossmeysterning yutug‘ini uning bilimlari, mehnati va qat’iyati natijasi ekanini qayd etdi. «O‘zbekistonda shunday yoshlar voyaga yetayotgani bilan yana bir bor faxrlanaman», — dedi u.

Javohir Sindarov Hindistonning Goa shahrida yakunlangan Jahon kubogida g‘olib chiqdi. U finalning tay-breyk bosqichida xitoylik grossmeyster Vey Ini mag‘lub etib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling