O‘zbekiston terma jamoasi yangi bosh murabbiy — italiyalik Fabio Kannavaro qo‘l ostida ilk o‘yinini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Tashkentdagi Olimpiya stadionida o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zbekistonliklar Quvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etishdi. Bu g‘alaba Kannavaro uchun jahon chempionati–2026 saralashiga tayyorgarlik oldidan muhim sinov bo‘ldi.
O‘yin boshidanoq jamoa yuqori motivatsiya bilan harakat qildi. 10-daqiqada Eldor Shomurodov Muhammadqodir Xamralievning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Xojimat Erkinov farqni oshirib, yakuniy natijani birinchi bo‘limdayoq o‘rnatdi.
O‘yindagi yagona tashvishli holat Abbos Fayzullaevning jarohat olib, maydonni tark etishi bo‘ldi. Boshqa jihatdan, uchrashuv to‘liq O‘zbekiston terma jamoasi nazoratida kechdi. Mezbonlar faol hujum qildilar, markazda to‘pni ishonchli ushlab turdilar. Hatto Otabek Shukurovning penaltidan urina olmagan zarbasi ham umumiy ruhga ta’sir qilmadi.
Fabio Kannavaro uchun bu o‘yin muxlislar va jamoa oldidagi o‘ziga xos “taqdimot” bo‘ldi. U butun uchrashuv davomida faol ravishda jamoani boshqardi, taktik ko‘rsatmalar berdi va 60-daqiqalardan so‘ng bir nechta o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
«Men O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyati uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman», — dedi Kannavaro matbuot anjumanida. U hozircha jamoani o‘rganish va eng maqbul o‘yin sxemasini topish jarayonida ekanini ta’kidladi. Italiyalik mutaxassis hozircha sobiq murabbiy Timur Kapadze bilan birgalikda ishlamoqda — u tarkib tahlili va tayyorgarlik masalalarida yordam bermoqda.
Keyingi raqib — Urugvay terma jamoasi. Bu uchrashuv Kannavaro uchun “italiyacha saboq”ning navbatdagi bosqichi bo‘ladi — endi kuchliroq raqibga qarshi sinov sifatida.