Sport
03.10.25
7753

Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi bo‘ladi

Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi bilan shartnoma shartlarini kelishib oldi. Italiyalik mutaxassis jamoani JCh-2026da boshqaradi. Rasmiy imzo yaqin kunlarda kutilmoqda.

2006-yilgi jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy futbol jamoasini boshqarishga yaqin turibdi. Bu haqda mashhur insayder Fabritsio Romano xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 52 yoshli mutaxassis og‘zaki rozilik bergan va shartnoma shartlarini kelishib olgan. Rasmiy imzo 24–48 soat ichida qo‘yilishi kutilmoqda.

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatida boshqarishi rejalashtirilgan. Bu mundialga O‘zbekiston ilk bor tarixida yo‘llanma olgan edi.

Championat.Asia yozishicha, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi italiyalik murabbiyga bir yillik shartnoma taklif qilgan, uni yana to‘rt yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. Amaldagi bosh murabbiy Timur Kapadze esa Kannavaro shtabiga qo‘shilishi va jamoani mundialga tayyorlashda yordam berishi mumkin.

Avvalroq Kannavaro Xitoyning Guanchjou Evergrand, Saudiya Arabistonining Al-Nasr, Italiya klublari Benevento va Udineze, shuningdek, Zagrebning Dinamo jamoalarida ishlagan. Eng yirik murabbiylik yutug‘i — 2019-yilda Xitoy chempionligini qo‘lga kiritganidir.

Kannavaro Italiya futboli tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri. 2006-yilda u terma jamoa sardori sifatida Italiyaga jahon chempionligini olib kelgan va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi avvalroq Yoaxim Lyov va Paulu Bentu bilan ham muzokaralar olib borgan, biroq ular muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling