O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev Norvegiyaning Fyorde shahrida 2–11 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi va ikki dunyo rekordini yangiladi.
110 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida Jo‘rayev siltab ko‘tarishda 196 kg bilan jahon rekordini o‘rnatdi, 232 kg bilan dast ko‘tarishda ham g‘olib bo‘ldi. Umumiy 428 kg natija bilan u mutlaq jahon chempioni bo‘lib, faoliyatidagi uchinchi chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) ma’lumotiga ko‘ra, Jo‘rayev butun musobaqa davomida yetakchilikni saqlab, eng yaqin raqibi — eronlik Alireza Nasiri (415 kg)ni 13 kg farq bilan ortda qoldirdi.
So‘nggi urinishda o‘zbekistonlik sportchi kutilmaganda 245 kg og‘irlikdagi shtangani ko‘tarishga harakat qildi — bu uning oldingi natijasidan 13 kg ko‘p edi. U shtangani tizzasigacha ko‘tardi, qo‘yib yubordi va zalga jilmayib qaradi.
“IWF” bu holatni izohlab: “U shunchaki o‘yin-kulgi sifatida chiqdi”, — deb yozdi va Jo‘rayevning ishonch bilan, yengil harakatlar bilan ishtirok etganini ta’kidladi.
25 yoshli sportchi uchun bu g‘alaba Parijdagi Olimpiadadagi muvaffaqiyatsizlikdan keyingi muhim qaytish bo‘ldi. O‘shanda u ikki urinishni muvaffaqiyatli bajara olmagani sababli oltin medalni boy bergandi.
“Men o‘z vaznimni tikladim. Endi bemalol mashq qilayapman va o‘zimni a’lo his qilyapman”, — dedi Jo‘rayev g‘alabadan so‘ng.
Yana bir o‘zbekistonlik sportchi, 2016-yilgi Olimpiada chempioni Ruslan Nurutdinov ham ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi — dast ko‘tarishda (228 kg) va ikki kurash yakuniy natijasida (414 kg).