Sport
17.09.25
7680

“Ajax” akademiyasi “Navbahor” futbol maktabini boshqaruviga oladi

Niderlandiyaning “Ajax” futbol akademiyasi Namangandagi “Navbahor” maktabini boshqaruviga oladi. 11 nafar mutaxassis yosh futbolchilarni yevropa standartlari bo‘yicha tayyorlaydi.

Namangandagi “Navbahor” futbol maktabi Niderlandiyaning afsonaviy “Ajax” akademiyasi boshqaruviga uch yil muddatga topshirildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, namanganlik yoshlar uchun futbol oddiy o‘yin emas, balki hayot tarzi: «Har bir bola hovlida to‘p tepib ulg‘ayadi, “Navbahor”ning har bir o‘yini esa butun shahar uchun haqiqiy bayramga aylanadi».

Hamkorlik doirasida Namanganga “Ajax”dan 11 nafar mutaxassis — murabbiylar, skautlar va metodistlar keladi. Ular yosh futbolchilarni tayyorlash, ilg‘or uslublarni joriy etish va iqtidorlarni saralash tizimi bilan shug‘ullanadilar.

Mirziyoyev akademiya bitiruvchilari kelajakda dunyoning yetakchi klublarida to‘p surishi va O‘zbekiston sharafini jahon chempionatlarida munosib himoya qilishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq mamlakatda “Legionerlar klubi” tashkil etilishi, unda jahon futboli yulduzlariga o‘z akademiyalarini yaratish uchun yer ajratilishi haqida xabar berilgan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling