Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) intizomiy qo‘mitasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga (O‘FA) xalqaro o‘yinlar va turnirlarni tashkil etish jarayonidagi qoidabuzarliklar uchun jami 340 ming dollar miqdorida jarima qo‘lladi.
Asosiy e’tirozlar 2026-yilgi jahon chempionati saralash bosqichi doirasida 10-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuviga taalluqli. AFC ma’lumotiga ko‘ra, O‘FA ruxsatsiz ravishda yopilish marosimini o‘tkazgan, shuningdek, “embush-marketing” holatlariga — ya’ni ruxsatsiz brend targ‘ibotiga, jumladan BYD avtomobillari reklamasiga — yo‘l qo‘ygan.
Shuningdek, konfederatsiya O‘FA tomonidan AFC va uning hamkorlarining tijoriy huquqlarini himoya qilishda yetarli darajada hamkorlik ko‘rsatilmaganini hamda matbuot tadbirlarini o‘tkazishda tashkiliy kamchiliklar mavjudligini qayd etdi.
Mazkur holatlar uchun O‘FA 300 ming va 40 ming dollar miqdorida jarimaga tortildi.
Bundan tashqari, assotsiatsiya 2025-yil iyul oyida o‘tkazilgan “Mirabror Usmonov xotira kubogi” xalqaro turnirini tashkil etish bo‘yicha arizani o‘z vaqtida topshirmagani uchun yana 1,5 ming dollar jarimaga tortildi. Bu — qayta takrorlangan yettinchi holat sifatida qayd etilgan.
Qatar bilan o‘yin O‘zbekiston terma jamoasi uchun JCh–2026 saralash bosqichidagi so‘nggi uchrashuv bo‘lgan. O‘sha paytga kelib, jamoa allaqachon final bosqichiga chiqishni ta’minlagan edi. Uchrashuvda mamlakat prezidenti hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etgan, o‘yindan so‘ng esa davlat rahbari futbolchilarga mukofot topshirgan.