Siyosat
07.11.25
7972

“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtata oladigan yagona inson – sizsiz”, — dedi Mirziyoyev Vashingtondagi sammitda Trampga murojaat qilib.

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “S5+1” sammitida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampning Markaziy Osiyoga e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urushni aynan u to‘xtata olishiga ishonch bildirdi.

6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “S5+1” — Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilari sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampning mintaqa bilan hamkorlikni rivojlantirishdagi rolini yuqori baholab, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga aynan u qodir ekaniga umid bildirdi.

“Biz sizning ‘S5+1’ formatini qayta yo‘lga qo‘yishdagi shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz. Avval hech bir AQSh prezidenti Markaziy Osiyoga sizdek e’tibor qaratmagan. Men va hamkasblarim sizning diqqat va qo‘llab-quvvatlashingiz uchun minnatdormiz”, — dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekistonda Trampni “tinchlik prezidenti” deb atashlarini eslatib, uning prezidentlik davrida sakkizta qurolli mojaro to‘xtatilganini ta’kidladi.

“Men ishonamanki, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni faqat siz to‘xtata olasiz. Biz bunga katta umid bildiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shuningdek, AQSh Markaziy Osiyoni muhim hamkor sifatida ko‘rayotganini qayd etib, bir qator tashabbuslarni ilgari surdi:

  • “S5+1” doimiy Kotibiyatini navbatma-navbatlik asosida tashkil etish;

  • investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish;

  • 2020-yilda kelishilgan Markaziy Osiyo investitsiya sherikligini qayta faollashtirish.

Mirziyoyev Toshkentning AQSh bilan transport, energetika va kommunikatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga tayyorligini bildirar ekan, shunday dedi:
“Biz Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi, ‘Tramp marshruti’ deb ataluvchi loyihalarni amalga oshirish ustida ishlashga tayyormiz”.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev keyingi “S5+1” sammitini 2026-yilda Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi va bu format mintaqa uchun strategik muloqot va hamkorlikning muhim maydoniga aylanganini ta’kidladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling