Siyosat
15.09.25
7381

Buyuk Britaniya va AQSh Tramp tashrifi chog‘ida yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolaydi

Donald Trampning Londonga tashrifi chog‘ida Buyuk Britaniya va AQSh atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Loyiha doirasida modul reaktorlar qurilishi va yangi investitsiyalar nazarda tutilgan.

LONDON (Reuters) — Buyuk Britaniya va AQSh shu hafta AQSh prezidenti Donald Trampning davlat tashrifi chog‘ida yadro energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolaydi. Bu haqda Britaniya hukumati ma’lum qildi.

Kelishuv atom energetikasini rivojlantirish loyihalarini tezlashtirish va yangi elektr stansiyalar qurilishiga investitsiyalar jalb qilishga qaratilgan.

So‘nggi oylar ichida London yadro dasturini faol kengaytirmoqda. Hukumat £14 mlrd ($19 mlrd) miqdorida mablag‘ ajratib, Sizewell C stansiyasini qurishga va’da berdi hamda Rolls-Royce’ning mamlakatdagi ilk kichik modul reaktorlarini (SMR) ishga tushirish rejasini ilgari surmoqda.

Seshanba kuni Tramp ikki kunlik tashrif bilan Buyuk Britaniyaga keladi. U bosh vazir Kir Starmer bilan birgalikda hamkorlikni e’lon qiladi. Dastur doirasida AQShning X-Energy kompaniyasi va Britaniyaning Centrica kompaniyasi Angliyaning shimoli-sharqida 12 tagacha zamonaviy modul reaktorlarini qurishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Holtec International, EDF va Tritax markaziy Angliyada, sobiq Cottam ko‘mir stansiyasi hududida £11 mlrd ($15 mlrd) qiymatidagi SMR asosidagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari loyihasini amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.

«Bu muhim majburiyatlar bizni yadro energetikasining oltin davriga olib kiradi, bu esa uzoq muddatda uy xo‘jaliklarining elektr energiyasi uchun to‘lovlarini kamaytiradi», — dedi bosh vazir Kir Starmer.

AQSh energetika vaziri Kris Raytning ta’kidlashicha, kelishuvlar ikki mamlakat kompaniyalariga bozorlarga tezroq kirishga imkon beradi. Yangi hamkorlik xavfsizlik tekshiruvlarini o‘zaro tan olishni ham nazarda tutadi, bu esa reaktorlarni litsenziyalash muddatini hozirgi 3–4 yildan ikki yilgacha qisqartiradi.

Boshqa tashabbuslar qatorida — AQShga yangi turdagi past darajada boyitilgan uran yetkazib berish bo‘yicha Britaniyaning Urenco kompaniyasi bilan bitim ham mavjud.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling