Siyosat
27.10.25
7384

Toshkentga Serjio Gor va Kristofer Landau boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi keldi

Toshkentga Serjio Gor va Kristofer Landau boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi keldi. Tomonlar savdo, energetika va “C5+1” formati doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Toshkentga AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya keldi, deb xabar berdi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi.

Tashrif doirasida strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar, energetika va innovatsiyalar sohalarida savdo hamda investitsiyalarni rivojlantirish, shuningdek “C5+1” (Markaziy Osiyo + AQSh) formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Amerika tomoni savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Tashrif chog‘ida AQSh Davlat departamenti vakillari mamlakatda faoliyat yuritayotgan amerikalik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, qo‘shma loyihalar istiqbollari va o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

“O‘zbekiston bilan hamkorligimiz umumiy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va mintaqaning farovonligiga intilish tamoyillariga asoslanadi,” — deyiladi delegatsiya bayonotida.

Tashrifning ilk kunida Serjio Gor va Kristofer Landau Toshkentning madaniy merosi bilan tanishib, poytaxt aholisi mehmondo‘stligini alohida e’tirof etdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling