O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov va AQSh davlat kotibining qurollarni nazorat qilish va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Brent Kristensen yadroviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladilar.
Hujjat atom energetikasi sohasida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Brent Kristensenga ko‘ra, AQSh O‘zbekiston bilan xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalarida hamkorlikni yuqori baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv ikki mamlakat mutaxassislari va sanoati o‘rtasida yadroviy sohada yanada yaqin hamkorlik uchun asos yaratadi.
«AQSh va O‘zbekistonning iqtisodiy aloqalari mustahkam poydevorga ega bo‘lib, yadroviy energetika, muhim minerallar va boshqa sohalarda investitsiya salohiyati ortib bormoqda», — deb yozdi Davlat departamenti vakili X ijtimoiy tarmog‘ida.
U, shuningdek, memorandum AQSh prezidenti Donald Trampning jahon bozorida Amerika yadroviy sanoatini qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmoniga muvofiq ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, yozda O‘zbekiston Senati mamlakatning Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konventsiyasiga qo‘shilishini ma’qullagan edi. Bu qadam O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi chog‘ida sug‘urta va kompensatsiya mexanizmlarini yaratadi.