AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlarini 6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan “C5+1” formatidagi sammitda ishtirok etishga taklif qildi.
Bu ushbu formatdagi ikkinchi sammit bo‘ladi — birinchi uchrashuv 2023-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda o‘tkazilgan edi.
25-oktabr kuni AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau Toshkentga tashrif buyurdi. AQSh elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilish, jumladan, muhim foydali qazilmalar, energetika hamda “C5+1” doirasidagi mintaqaviy sheriklik masalalariga bag‘ishlangan.
Tashrif davomida amerikalik vakillar O‘zbekiston hukumati a’zolari va biznes vakillari bilan uchrashib, investitsiya va qo‘shma loyihalarning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi.
“Bizning hamkorligimiz mintaqaning umumiy farovonligi uchun keng imkoniyatlar yaratadi,” — deyiladi AQSh delegatsiyasi bayonotida.
Serjio Gor va Kristofer Landau tashrif davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh elchisi Jonatan Xenik hamrohligida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘ldi.
“C5+1” (Central Asia + United States) formati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQShni birlashtirib, iqtisodiyot, energetika, xavfsizlik hamda mintaqaviy barqaror rivojlanish masalalarida muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.