Siyosat
17.10.25
7588

Tramp va Putin Budapeshtda yangi uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.

AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin telefon orqali muloqot qilib, Budapeshtda yangi uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Tomonlar Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish va hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16 oktyabr kuni telefon orqali muloqot qilib, yangi shaxsiy uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Kutilishicha, sammit Budapeshtda (Vengriya) bo‘lib o‘tadi.

Trampning bu suhbati ertasi kuni u Vashingtonda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi rejalashtirilgan edi.

Trampning bayonoti

Oq uy rahbari suhbatni “juda samarali” deb atadi va tomonlar Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal etish yo‘llarini muhokama qilganini bildirdi.

“Prezident Putin AQShni Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishdagi yutuqlari bilan tabrikladi. Men ishonamanki, bu muvaffaqiyat bizga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga yaqinlashtiradi”, — dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar kelasi haftada yuqori lavozimli maslahatchilar uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olgan. Muzokaralarga AQSh davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi. Shu uchrashuv yakunida Budapeshtda oliy darajadagi sammit bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, ikki tomon urush tugaganidan keyin savdo aloqalarini tiklash va gumanitar hamkorlik masalalarini ham muhokama qilgan.

Kremlning bayonoti

Rossiya prezidenti ma’muriyati ham suhbat bo‘lganini tasdiqlab, u ikki yarim soat davom etganini va “juda mazmunli” o‘tganini ma’lum qildi.

“Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Vladimir Putin Rossiya tomoni siyosiy-diplomatik yechim tarafdori ekanini ta’kidladi”, — deyiladi Kreml xabarida.

Kremlga ko‘ra, suhbat chog‘ida Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni yetkazib berish masalasi ham muhokama qilingan. Putin bu qurollar “jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmaydi, ammo ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazadi”, deya qayd etgan.

Tomonlar yangi uchrashuvga tayyorligini tasdiqladi va sammitga tayyorgarlikni boshlash uchun vakillariga topshiriq berdi.

Tramp va Putinning so‘nggi uchrashuvi 15 avgust kuni Ankoridjda (Alyaska) o‘tgan edi, biroq u hech qanday aniq kelishuvlarga olib kelmagan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling