Siyosat
30.09.25
7673

Tramp va Netanyaxu G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini taqdim etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini taqdim etdi: demilitarizatsiya, qo‘shinlarni chiqarish va mahalliy politsiyani tayyorlash.

AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha tinchlik rejasini kelishib oldi. Bu haqda ular Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Tramp Isroil bosh vaziriga yangi rejani qabul qilishga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirdi, uni “jangchi” deb atadi va zarur qo‘llab-quvvatlashni va’da qildi. AQSh rahbarining ta’kidlashicha, “bu sivilizatsiya tarixidagi eng buyuk kunlardan biri bo‘lishi mumkin”.

Oq uy 21 banddan iborat hujjatni e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, G‘azo to‘liq demilitarizatsiya qilinishi, HAMAS infratuzilmasi tugatilishi, jangarilarning tunnel va obyektlari yo‘q qilinishi, mahalliy politsiya tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Isroil mudofaa armiyasi esa sektordan bosqichma-bosqich chiqib ketishi kerak bo‘ladi.

Trampning aytishicha, rejani ishlab chiqishda ayrim arab va musulmon davlatlari ham ishtirok etib, uni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan. AQShning Yevropadagi ittifoqchilari ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Jurnalistlar prezident uzoq muzokaralardan so‘ng charchagan ko‘ringanini, Netanyaxuga murojaatidagi ohangi esa odatdagidan ancha sokin bo‘lganini qayd etdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling