O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etadi.
Yubiley sessiyasi «Birgalikda ishlash: tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari yo‘lida 80 yillik hamkorlik va kelajak sari qadam» shiori ostida o‘tadi.
22 sentyabr kuni BMTning 80 yilligiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi yig‘ilish bo‘lib o‘tadi, unda davlat va hukumat rahbarlari qatnashadi. Umumiy munozaralar esa 23–27 hamda 29 sentyabr kunlari o‘tkaziladi. Shavkat Mirziyoyevning nutqi 23 sentyabr kuni rejalashtirilgan.
AQShga tashrif oldidan Kongressning Reybern majlislar zalida va BMT shtab-kvartirasida «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li» kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibiga hukumat a’zolari, parlament vakillari va O‘zbekistonning turli tashkilotlari rahbarlari kiritilgan.