Siyosat
18.12.25
7323

Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaга rasmiy tashrif bilan boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18–20 dekabr kunlari Yaponiyaга rasmiy tashrif bilan borib, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi ilk sammitda ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18–20 dekabr kunlari Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tokioda Yaponiya imperatori Naruhito, bosh vazir, parlament rahbariyati, hukumat a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari, shuningdek, yetakchi yapon universitetlari rektorlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar markazida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bo‘ladi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida yirik yapon kompaniyalari va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Tashrif yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti formatidagi davlat rahbarlarining ilk sammitida ishtirok etadi. Sammitda “yashil” iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Yakunda Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq “Yaponiya — Markaziy Osiyo” (C5+) sammitini Qozog‘istonda o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi, biroq Yaponiyada yuzaga kelgan favqulodda holatlar sabab tadbir bekor qilingandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling