Siyosat
23.10.25
7581

Shavkat Mirziyoyev Bryusselga rasmiy tashrif buyuradi: YeI bilan kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilmoqda

O‘zbekiston prezidenti 23–24 oktabr kunlari Bryusselga tashrif buyurib, YeI bilan kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23–24 oktabr kunlari Bryusselga rasmiy tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Tomonlar 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida erishilgan kelishuvlarning ijrosini muhokama qiladi.

Suhbatlarda savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya hamda ilmiy-ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tashrifning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHB) imzolanishi kutilmoqda. Ushbu hujjat 1996-yildan beri amal qilib kelayotgan mavjud bitimni almashtiradi.

Mazkur bitim savdo, investitsiya, texnik reglament, raqobat, bojxona boshqaruvi, shuningdek, sanitariya va fitosanitariya standartlari kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Unda ilk bor Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga asoslangan normalar kiritilgan.

Bundan tashqari, KSHB tashqi siyosat, xavfsizlik, mojarolarning oldini olish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, noqonuniy migratsiya, korrupsiya, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi yo‘nalishlarda ham hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.

Tashrif davomida O‘zbekiston rahbari Belgiya hukumati vakillari bilan uchrashadi hamda yirik Yevropa kompaniya va banklarining top-menejerlari bilan sanoat va texnologik kooperatsiya sohasidagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalasida muzokaralar o‘tkazadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling