Siyosat
12.12.25
7202

Shavkat Mirziyoyev: “Tinchlik va ishonch jahon taraqqiyotining asosiy tamoyiliga aylanishi lozim”

Ashxoboddagi forumda O‘zbekiston prezidenti tinchlik va ishonchning ahamiyatini ta’kidlab, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Xalqaro tinchlik va ishonch forumida so‘zlar ekan, tinchlik va ishonch barqaror rivojlanish hamda insoniyat farovonligining asosiy poydevori bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Tadbir Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomiga 30 yil to‘lishi, Xalqaro betaraflik kuniga bag‘ishlandi hamda 2025 yil Tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilinganiga doir tadbirlar doirasida o‘tkazildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston adolatli va barqaror global tartibotni shakllantirishga bundan buyon ham o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi. Uning aytishicha, Turkmanistonning betaraflik modeli suverenitetga hurmatni faol tinchlikparvarlik va diplomatik tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirgan holda namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, u ikki davlatning tashqi siyosatdagi o‘xshash yondashuvlarini eslab o‘tdi.

Mirziyoyevning qayd etishicha, ochiqlik, dialog va o‘zaro hurmat tamoyillari “Yangi O‘zbekiston” uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Aynan shu tamoyillar asosida insoniyat kelajagi bo‘yicha keng qamrovli muloqotni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan Samarqand birdamlik tashabbusi ilgari surilgan.

Prezident xalqaro hamkorlikni mustahkamlash faqat insonparvar va inklyuziv yondashuvlar, o‘zaro tushunish va hurmat asosida mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning yaqinlashib kelayotgan Qo‘shilmaslik harakati raisligi haqida gapirar ekan, Mirziyoyev mamlakat tinchlik madaniyati, zo‘ravonlikka qarshi mafkura va davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash g‘oyalarini ilgari surishni davom ettirishini ma’lum qildi. U 2027 yilni mojarolarning oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida “Preventiv diplomatiya yili” deb e’lon qilish taklifini berdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Markaziy Osiyoni tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik mintaqasiga aylantirish siyosatida ishonch va birdamlik tamoyillari ustuvor o‘rin tutishini qayd etdi. U, shuningdek, gumanitar tashabbuslarning ahamiyatiga to‘xtalib, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro forumini o‘tkazish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” nomli mintaqaviy dasturini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Forumga Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov raislik qildi. Unda Turkiya, Rossiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston rahbarlari, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling