Siyosat
24.10.25
7761

Putin: Budapeshtda Tramp bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit bekor qilinmadi, faqat keyinga qoldirildi

Vladimir Putin Budapeshtda Donald Tramp bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit keyinga qoldirilganini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti ta’kidlashicha, muloqot har doim to‘qnashuvdan yaxshiroq.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit bekor qilinmaganini, faqat keyingi muddatga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u 23-oktabr kuni Moskvada so‘z yuritdi, deb xabar berdi Kreml sayti.

“AQSh prezidenti bu uchrashuvni bekor qilish yoki keyinga surish haqida qaror qabul qildi. Aftidan, gap aynan ko‘chirish haqida ketmoqda. Muloqot har doim to‘qnashuv yoki urushdan yaxshiroq, shu sabab biz har doim suhbatni davom ettirish tarafdori bo‘lganmiz va hozir ham shu pozitsiyada turibmiz”, — dedi Putin.

Rossiya rahbarining ta’kidlashicha, uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish lozim:

“Bu masalaga yengil qarash va kutilgan natijasiz chiqish — xato bo‘lardi.”

Putinning so‘zlariga ko‘ra, sammit tashabbusi AQSh tomonidan ilgari surilgan. Prezidentlar uchrashuvidan avval AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

AQShning yangi sanksiyalariga izoh berar ekan, Putin ularning “jiddiy xarakterga ega” ekanini, muayyan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tan oldi, biroq ular Rossiya iqtisodiy barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini qayd etdi.

“Bu Rossiyaga bosim o‘tkazish urinishidir. Ammo o‘zini hurmat qiladigan hech bir mamlakat va xalq hech qachon bosim ostida qaror qabul qilmaydi,” — dedi Putin.

Avvalroq Donald Tramp Budapeshtdagi sammit “ko‘rib chiqilmoqda”ligini bildirgan va uni boshqa muddatga ko‘chirish ehtimolini inkor etmagan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling