Siyosat
24.09.25
7795

Mirziyoyev va Tramp BMT shtab-kvartirasida muzokaralar o‘tkazdi

Mirziyoyev va Tramp Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida uchrashdi. Strategik sheriklikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar va xalqaro kun tartibi muhokama qilindi.

23-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Muzokaralar Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida BMT shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar va mintaqaviy hamda global kun tartibi bo‘yicha fikr almashdilar. Alohida e’tibor 5-sentabr kuni telefon orqali bo‘lib o‘tgan muloqotda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentini ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan tabriklab, xalqaro mojarolarni hal qilishdagi, jumladan, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi qarama-qarshilikni tugatishdagi hissasini alohida qayd etdi.

Donald Tramp esa O‘zbekiston prezidenti bilan yirik Amerika kompaniya va banklari rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlarni ijobiy baholadi. Ta’kidlanishicha, aviatsiya, tog‘-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo va energetika sohalarini qamrab olgan yirik shartnomalar va loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Amerika tomoni O‘zbekiston tomonidan AQSh mahsulotlarini xarid qilish hajmining oshganini qayd etdi va hamkorlik yanada kengayishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, Tramp Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini shaxsan kuzatib borishini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari AQSh prezidentini rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelishga taklif qildi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling