Siyosat
06.11.25
7493

Mirziyoyev va AQSh senatori Stiv Deins hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi iqtisodiy loyihalarni muhokama qildilar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSh senatori Stiv Deins bilan uchrashdi. Tomonlar strategik hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtondagi rezidensiyasida AQSh Senatining Markaziy Osiyo bo‘yicha Kokus hamraisi, senator Stiv Deinsni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Davlat rahbari parlamentlararo aloqalar darajasini, ayniqsa, siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan Markaziy Osiyo bo‘yicha Kokus faoliyatini yuqori baholadi.

Ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixan eng yuqori darajaga yetgan: o‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, yetakchi amerikalik kompaniyalar ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. So‘nggi oylar ichida rekord miqdordagi bitim va shartnomalar imzolangan bo‘lib, joriy tashrif doirasida yangi iqtisodiy hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Mirziyoyev AQSh Kongressining qo‘llab-quvvatlovi erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Shuningdek, senator Stiv Deins vakillik qilayotgan Montana shtati bilan hamkorlik alohida muhokama qilindi. Tomonlar Montanadan O‘zbekistonga sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan biznes-missiya tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi hamda tomonlar o‘zaro muloqotni yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling