30 sentyabr kuni O‘zbekistonda oltin narxi yana tarixiy cho‘qqiga chiqdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, qimmatbaho metallning bir grami 1 538 300 so‘mni tashkil etdi. Bu avvalgi kunga nisbatan 1 foiz, 24 sentyabrdagi rekorddan esa 0,16 foiz yuqori. Besh grammli quymaning narxi 7,691 million so‘mga yetdi.
2025-yil boshidan buyon mamlakatda oltin narxi 33 marta rekord yangiladi. To‘qqiz oy ichida o‘sish 35,8 foizni, o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan esa 37 foizni tashkil etdi.
Jahon bozorlarida ham tarixiy o‘sish kuzatilmoqda: oltin narxi ilk bor unsiya uchun 3800 dollardan oshib, 3864,17 dollarga ($124,24 grammi) yetdi. Mutaxassislar buni dollar kursining pasayishi va AQSh hukumati byudjet qabul qilinmagani sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan “shutdown” xavfi bilan bog‘lashmoqda.
Markaziy bank 2018-yildan boshlab aholiga oltin tangalar, 2020-yildan esa o‘lchovli quymalarni sotmoqda. Bu choralar iqtisodiyotning xorijiy valyutaga qaramligini kamaytirish hamda fuqarolar uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.