Moliya
03.10.25
7357

O‘zbekistonning tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi

2025-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Joriy operatsiyalar hisobidagi taqchillik esa 156 mln dollargacha kamaydi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarga yetdi. Shundan 36,8 mlrd dollari davlat majburiyatlari, 35,4 mlrd dollari esa korporativ qarzlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yil boshidan tashqi qarz hajmi 8,1 mlrd dollarga oshgan.

Shunga qaramay, to‘lov balansi holati yaxshilangan. Joriy operatsiyalar hisobidagi taqchillik 156,3 mln dollargacha qisqardi. O‘tgan yilning shu davrida u qariyb 2,9 mlrd dollarni tashkil etgandi. Bu natija eksport hajmining o‘sishi, tashqi savdo balansidagi manfiy ko‘rsatkichning kamayishi va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan bog‘liq.

Yilning birinchi yarmida eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarga yetdi. Import esa 10 foizga o‘sib, 23 mlrd dollarni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo taqchilligi 20 foizga qisqarib, 6,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

Investitsiyalar oqimi ham tashqi iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatladi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 42 foizga oshib, 1,6 mlrd dollarga yetdi, portfel investitsiyalari esa 3,1 mlrd dollarni tashkil etdi.

Mamlakatning sof xalqaro investitsiya pozitsiyasi 23 foizga mustahkamlanib, 16,9 mlrd dollarga etdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling